OLIY O‘QUV YURTI BILAN MЕMORANDUM IMZOLANDI

Kuni kecha viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Toshkent viloyati Olmaliq shahrida joylashgan "Ipak Yo‘li Innovatsiyalar Universiteti" o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Ushbu memorandum tomonlar o‘rtasida ta’lim, ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda malakali kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirokida seminar-treninglar tashkil etish, amaliyot va stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ilg‘or tajriba almashish rejalashtirilgan.

Memorandumni imzolash marosimida Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burxonov, universitet rektori Qahramon Qodirov hamda bir qator mas’ullar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, mazkur kelishuv ikki tomon uchun ham samarali natijalar berishi ta’kidlandi.
Ushbu hamkorlik ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirishga xizmat qilishi, shu bilan birga, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.