Zangiotada 50 o‘rinli yangi bog‘cha foydalanishga topshirildi



Zangiota tumanining O‘rtaovul mahallasida 50 o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.

Yangi bog‘cha tadbirkor GulnozaNabiyeva tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan barpo etilib, bolalarning ta’lim-tarbiyasi uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Bu yerda tarbiyalanuvchilarga “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida o‘yinga yo‘naltirilgan ta’lim va tarbiya beriladi. Shuningdek, bolalarni erta yoshdan kasbga qiziqtirish va xorijiy tillarni o‘rgatishga alohida e’tibor qaratiladi.


Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotida mahalladagi Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalar farzandlarini imtiyozli to‘lov asosida qabul qilish ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, bog‘chaning faoliyat boshlashi natijasida 10 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlanadi.


Ma’lumot uchun, ayni paytda Zangiota tumanida 3-7 yoshdagi 16 ming 96 nafar boladan 11 ming 326 nafari davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan. Tumandagi 95 ta nodavlat bog‘chaning 74 tasi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hisoblanadi.

05-10-2026
Ijtimoiy tarmoqlarga ulashish