Oqqo'rg'on tumani 17-maktab o‘quvchilari uchun yangi sport maydoni - yangi imkoniyatlar sari qadam

 Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabida quvonchli voqea - zamonaviy sport zali foydalanishga topshirildi.



 Tadbirda yangidan barpo etilgan sport zali eshiklarini ochar ekan, maktab o‘quvchilari va jamoasi uchun bugungi kun alohida ahamiyat kasb etdi. Endi o‘quvchilar yilning har qanday faslida sport bilan muntazam shug‘ullanishi, turli musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishi va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun zamonaviy sharoitga ega.

Yangi sport zalining ochilish marosimida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati Nizomiddin Botirov, tuman hokimi o‘rinbosari Nodir Erkinov, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Roxatali Tojiboyev, mahalla yettiligi, faxriy nuroniylar, ota-onalar, pedagoglar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tantanali tadbir davomida o‘quvchilarning sport chiqishlari, ularning jismoniy tayyorgarligi va sportga bo‘lgan qiziqishi namoyon bo‘ldi. Ayniqsa, yangi sport zalida mashg‘ulotlar o‘tkazish imkoniyati yoshlar uchun katta rag‘bat ekani ta’kidlandi.

 Tadbir ishtirokchilari yangi inshootni ko‘zdan kechirib, uning o‘quvchilar uchun yaratgan imkoniyatlari bilan tanishdilar. Zaldan samarali foydalanish, sport to‘garaklarini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni musobaqalarga maqsadli tayyorlash bo‘yicha fikrlar bildirildi.

➡️ Bugungi yaratilgan sharoit - ertangi natijalar uchun mustahkam poydevor, degan g‘oya tadbir davomida alohida ta’kidlandi.

 Zero, ta’lim muassasasida bunyod etilgan har bir yangi sport inshooti - bu shunchaki bino emas. Bu minglab mashg‘ulotlar, yangi g‘alabalar, sog‘lom odatlar va o‘z iqtidorini namoyon etish imkoniga ega bo‘ladigan yoshlar uchun yaratilgan yangi maydondir.



Sog‘lom avlod - kuchli kelajak. Yoshlar sportiga yaratilgan har bir imkoniyat esa ana shu kelajak sari qo‘yilgan muhim qadamdir.

 

07-10-2026
Ijtimoiy tarmoqlarga ulashish