maktabgacha ta'lim
Qibrpay tumani


Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 9-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tuman miqyosida faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun “Kichik qadamlar — katta o‘zgarishlar: bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirish” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.


Mazkur seminarning asosiy maqsadi — maktabgacha yoshdagi bolalarda ekologik ong va madaniyatni shakllantirish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatni tarbiyalash hamda bu borada pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini yanada takomillashtirishdan iborat bo‘ldi.


Seminar davomida ishtirokchilarga bolalarda atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirishning samarali usul va shakllari, ekologik tarbiyani o‘yin texnologiyalari asosida tashkil etish, amaliy mashg‘ulotlar orqali tabiatni asrash g‘oyalarini singdirish yo‘llari batafsil tushuntirildi. Shuningdek, qayta ishlash mumkin bo‘lgan materiallardan foydalangan holda ijodiy ishlanmalar, ekologik burchaklarni tashkil etish tajribasi ham namoyish etildi.

Tadbir davomida ochiq mashg‘ulotlar, taqdimotlar hamda tajriba almashuv sessiyalari o‘tkazilib, ilg‘or ish tajribalari muhokama qilindi. Pedagoglar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar seminarning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi.

Amaliy seminar yakunida ishtirokchilar ekologik tarbiyani tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish, bolalarda tabiatga mehr va mas’uliyat hissini shakllantirish har bir pedagogning ustuvor vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi. Bunday tadbirlar maktabgacha ta’lim tizimida sifat ko‘rsatkichlarini oshirishga hamda barqaror ekologik madaniyatni shakllantirishga xizmat qiladi.