“Raqamli avlod qizlari” tanlov g‘oliblari aniqlandi

 

 

Mamlakatimizda yoshlarning, ayniqsa, qizlarning ilm-fan, innovatsiya va raqamli texnologiyalar sohasidagi faolligini oshirish, ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda joriy yilning 1 – 6-mart kunlari “Raqamli avlod qizlari” respublika tanlovining final bosqichi tashkil etildi. Unda respublikamizning turli hududlaridan saralab olingan iqtidorli qizlar o‘zlarining innovatsion va istiqbolli loyihalari bilan ishtirok etdi.

Final bosqichida taqdim etilgan loyihalar 5 ta yo‘nalish bo‘yicha saralandi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 12 nafar iqtidorli qiz g‘olib deb topildi. Ular orasida viloyatimizning ikki nafar iqtidorli o‘quvchi qizlari borligi quvonarli.

G‘olib qizlarimiz Qibray tumanidagi 41-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchisi Shahlo Bahodirova hamda Bo‘ka tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchisi Zarnigor Rahmonovalar.

Tanlovning tantanali taqdirlash marosimida g‘olib bo‘lgan qizlarga Xitoy davlatiga ta’lim sayohati yo‘llanmasi topshirildi. Bu esa yoshlarning bilim va tajribasini yanada boyitish, xalqaro tajribani o‘rganish hamda innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

10-03-2026
Ijtimoiy tarmoqlarga ulashish