Chirchiqda yoshlar ishtirokida harbiy-amaliy tadbir tashkil etildi
2026-yil 27-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar hamda Toshkent viloyati hokimining 2026-yil 22-yanvardagi 1/8-4-346-sonli bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida amaliy tadbir tashkil etildi.

Mazkur tadbir doirasida Chirchiq shahar mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik A. Shermetov tashabbusi bilan Chirchiq shahar hokimligi, harbiy prokuratura hamda maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida Chirchiq dala o‘quv maydonida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Unda Chirchiq shahridagi umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘g‘il bolalari hamda “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari ishtirok etdi. Tadbir davomida yoshlar uchun AK-74 jangovar qurolidan amaliy otish mashg‘uloti tashkil qilindi.

Shuningdek, jami 525 nafar o‘quvchi-yosh ishtirokida dastlab 5 ming qadamlik yurish marafoni ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar jarayonida yoshlarda Vatanga muhabbat, yurt taqdiriga daxldorlik hissi, milliy g‘urur va fidoyilik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir yoshlar qalbida harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli burch ekanligi haqidagi tushunchani yanada mustahkamlab, ularni kelajakda Vatan himoyasiga tayyor, jasur va vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishga ruhlantirdi.