Bo‘stonliqda yangi maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi

 

Bugun tumandagi “Birlik” MFY hududida joylashgan 23-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qayta rekonstruksiya qilinib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Ochilish marosimida Respublika ishchi guruhi a’zolari, tuman hokimiligi mas’ullari, shuningdek, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Izzatulloyev, mahalla faollari, sohaga mas’ul mutasaddilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Investitsiya dasturi doirasida qayta rekonstruksiya qilingan mazkur ta’lim maskani endilikda 120 nafar (ilgari 90 o‘rinli) bolani qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, muassasada qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlangan bog‘chada bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Mazkur maskan nafaqat ta’lim sifatini oshirish, balki hududdagi yosh oilalar uchun ham qulay imkoniyatlar yaratadi.

Yangi ta’lim muassasasining foydalanishga topshirilishi hududda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

01-04-2026
Ijtimoiy tarmoqlarga ulashish