Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan navbatdagi “Kayrera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida o‘tkazilgan tadbirda  mazkur boshqarma boshlig‘i Shukur Burxonov hamda boshqarmaning bir qator mas’ul xodimlari, shuningdek, barcha tuman va shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari rahbarlari, umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari mas’ullari ta’lim muassasalaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.


Bugungi kunda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida Toshkent viloyatidan bo‘lgan 1152 nafar yosh turli pedagogik yo‘nalishlarda tahsil olmoqda. Ularning kelgusida munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishi, egallagan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotga tatbiq etishi hamda ta’lim tizimiga malakali kadr sifatida kirib kelishi viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.


Shu maqsadda tashkil etilgan mazkur “Karyera kuni” mehnat yarmarkasida talabalarga viloyatdagi umumta’lim maktablari va davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari, pedagoglarga yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.


Tadbir doirasida talabalar va ish beruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar tashkil qilinib, yosh mutaxassislarning qiziqish va mutaxassisligiga mos ish o‘rinlari taklif etildi.


Quvonarlisi, yarmarka yakunida 150 nafarga yaqin talabalar bilan mehnat shartnomalari imzolandi. Ular yangi 2026–2027-o‘quv yilidan viloyatimiz ta’lim muassasalarida o‘z mehnat faoliyatini boshlaydi.

12-05-2026
Ijtimoiy tarmoqlarga ulashish