Ta’lim manzillarida islohotlar samarasi
Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi hamda viloyat Maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasi hamkorligida Angren shahrida "Ta’lim manzillarida islohotlar samarasi" mavzusida ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda media sohasi faollari ishtirokida press-tur tashkil etildi.

Mazkur press-turdan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy ta’lim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar, yoshlar uchun berilayotgan imkoniyatlar hamda hududlarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Press-tur davomida ishtirokchilar shaharda ta’lim, madaniyat va yoshlar siyosati yo‘nalishida amalga oshirilayotgan zamonaviy loyihalar bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbirning birinchi manzili sifatida Yangi Angren madaniyat va sport maskani faoliyati taqdim etildi. Bu yerda yoshlar uchun tashkil etilgan zamonaviy to‘garaklar, startap va innovasion loyihalar, sun’iy intellekt va robototexnika yo‘nalishidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar 12-sonli umumta’lim maktabida yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, inklyuziv sinflar, STEM va IT xonalari faoliyati bilan tanishdilar.

Press-turning keyingi manzillarida maktabgacha ta’lim muassasasida bolalar uchun yaratilgan xavfsiz va zamonaviy muhit, erta rivojlantirish markazlari hamda innovasion ta’lim usullari namoyish etilishi ko‘zda tutilgan.
