TOSHKЕNT TUMANIDA FUQAROLAR VA PЕDAGOGLAR UCHUN OMMAVIY SAYYOR QABUL TASHKIL ETILDI
Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash, fuqarolar murojaatlarini o‘rganish hamda ta’lim tizimidagi mavjud muammolarga yechim topish maqsadida hududlarda ommaviy sayyor qabullar muntazam tashkil etilmoqda.

Shunday tadbirlardan biri joriy yilning 12 iyun kuni Toshkent tumanida o‘tkazildi. Unda Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbariyati, boshqarmaning tegishli bo‘limlari vakillari, soha mutaxassislari, pedagoglar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Sayyor qabul davomida fuqarolarga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha mas’ul mutasaddilarga bevosita murojaat qilish, taklif va tashabbuslarini bildirish, shuningdek, muammolari yuzasidan huquqiy va amaliy tushuntirishlar olish imkoniyati yaratildi.
Qabul jarayonida pedagog xodimlar tomonidan ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quv jarayoniga zamonaviy metodik yondashuvlarni keng joriy etish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda sohani takomillashtirishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.

Shuningdek, aholi va ota-onalar tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablaridagi shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayoni sifati, farzandlarni ta’lim muassasalariga joylashtirish, o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash, qo‘shimcha to‘garaklar faoliyatini takomillashtirish, ta’lim muassasalari infratuzilmasini yaxshilash va ta’lim tizimiga oid boshqa dolzarb masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushdi.
Ochiq va konstruktiv muloqot ruhida o‘tgan sayyor qabul davomida jami 30 ga yaqin murojaat qabul qilindi. Ularning aksariyati bo‘yicha mas’ul mutaxassislar tomonidan huquqiy va amaliy tushuntirishlar berildi. Ayrim masalalar joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar tegishli mas’ullarga biriktirilib, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Ta’kidlash joizki, bunday sayyor qabullar ta’lim muassasalari faoliyatidagi muammolarni barvaqt aniqlash, aholi va pedagoglar bilan samarali muloqot o‘rnatish, hududlardagi ehtiyojlarni o‘rganish hamda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ijobiy hal etishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.
Тошкент туманида Тошкент вилояти Мактабгача ва мактаб таълими бошқармаси раҳбарияти иштирокида ўтказилган оммавий сайёр қабул жараёни.
Тошкент туманида ўтказилган оммавий сайёр қабулда фуқаролар ва педагоглар таълим тизимига оид масалалар юзасидан мурожаат ва таклифларини билдиришди.

Калит сўзлар:
Тошкент тумани, сайёр қабул, Мактабгача ва мактаб таълими бошқармаси, таълим тизими, педагоглар, фуқаролар мурожаати, таълим сифати, мактаблар, мактабгача таълим, Тошкент вилояти