O'RGANISH
Yangiyo‘l shahrida barpo etilayotgan ta’lim muassasalarida qurilish ishlari o‘rganildi
Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burxonov Yangiyo‘l shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufida barpo etilayotgan yangi umumta’lim maktabi hamda 90 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, qurilish ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi.

➖O‘rganish davomida Yangiyo‘l shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar hamda qurilish sohasi mutasaddilari ishtirokida obyektlarda amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, qurilish ishlarining belgilangan reja-jadval asosida olib borilishi, bajarilayotgan ishlar sifati, qurilish materiallarining standart talablariga muvofiqligi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish hamda obyektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish masalalari muhokama qilindi.

Boshqarma boshlig‘i ta’lim muassasalari zamonaviy talablar asosida, xavfsizlik va sifat mezonlariga to‘liq rioya etilgan holda qurilishi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, mas’ullarga har bir bosqichni doimiy nazorat ostida olib borish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi. Shuningdek, qurilish jarayonida aniqlangan ayrim kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, ishlar sur’atini oshirish va belgilangan muddatlarga qat’iy amal qilish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Ta’kidlash joizki, mazkur ta’lim muassasalari foydalanishga topshirilgach, shaharda ta’lim infratuzilmasini yanada mustahkamlash, bolalar uchun zamonaviy va qulay ta’lim muhitini yaratish, aholining maktabgacha hamda umumiy o‘rta ta’lim xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda muhim ahamiyat kasb etadi.