Maktablarda zamonaviy ta’lim muhiti yaratildi

Yaqin kunlarda Toshkent viloyatidagi uchta umumiy o‘rta ta’lim maktabida raqamli texnologiyalar va zamonaviy o‘quv jihozlari bilan to‘liq ta’minlangan STEM va inklyuziv sinfxonalar o‘quvchilar ixtiyoriga topshiriladi.

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan mazkur ta’lim muassasalarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan monitoring o‘tkazildi. O‘rganishlar Bekobod shahridagi 17-sonli, Oqqo‘rg‘on tumanidagi 18-sonli hamda Piskent tumanidagi 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarini qamrab oldi.

Mazkur ishlar “Ishonch – 2030” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, YUNISEF va YUNESKO hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish: yuqori sifatli va inklyuziv ta’lim natijalari uchun AKT va raqamli ta’limdan foydalanish” loyihasi doirasida olib borilmoqda. Unga muvofiq respublika bo‘yicha saralangan 50 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi qatoriga Toshkent viloyatidan ham ushbu uchta ta’lim muassasasi kiritilgan.

Monitoring davomida maktablarda raqamli innovatsiya (STEM) xonalari va inklyuziv ta’lim sinflarini tashkil etish ishlari to‘liq yakunlangani qayd etildi. Sinfxonalar portativ raqamli qurilmalar, STEM laboratoriyasi jihozlari hamda alohida ta’lim ehtiyojiga ega o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan zamonaviy yordamchi texnologiyalar bilan jihozlangani belgilangan tartibda xatlovdan o‘tkazildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur loyiha ta’lim jarayoniga raqamli pedagogika elementlarini keng joriy etish, o‘quvchilar uchun zamonaviy ta’lim muhitini yaratish hamda inklyuziv ta’lim imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Bu esa yosh avlodning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun mustahkam zamin yaratadi.

08-07-2026
Ijtimoiy tarmoqlarga ulashish