OHANGARON TUMANIDA FUQAROLAR VA PЕDAGOGLAR UCHUN OMMAVIY SAYYOR QABUL TASHKIL ETILDI



Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash, fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish hamda ta’lim tizimidagi mavjud muammolarga yechim topish maqsadida hududlarda ommaviy sayyor qabullar tashkil etib kelinmoqda.
 


Ana shunday tadbirlardan biri bugun Ohangaron tumanida o‘tkazilib, unda Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burxonov, boshqarmaning tegishli bo‘lim vakillari, soha mutaxassislari, pedagoglar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Sayyor qabul davomida fuqarolarga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri mutasaddilarga murojaat qilish, taklif va tashabbuslarini bildirish hamda muammolari yuzasidan huquqiy va amaliy tushuntirishlar olish imkoniyati yaratildi.

Qabul jarayonida pedagog xodimlar tomonidan ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quv jarayoniga zamonaviy metodik yondashuvlarni keng joriy etish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, mehnat faoliyati uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda sohani takomillashtirishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.

 


Shuningdek, aholi va ota-onalar tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablaridagi shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayoni sifati, farzandlarni ta’lim muassasalariga joylashtirish, o‘quvchilarning xavfsizligi, qo‘shimcha to‘garaklar faoliyati, infratuzilmani yaxshilash hamda ta’lim tizimiga oid boshqa dolzarb masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushdi.

 Ochiq va konstruktiv muloqot ruhida o‘tgan qabul davomida jami 30 ga yaqin murojaat qabul qilindi. Murojaatlarning aksariyati bo‘yicha mas’ul mutaxassislar tomonidan huquqiy va amaliy tushuntirishlar berildi. Ayrim masalalar joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar tegishli mas’ullarga biriktirilib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.


 Ta’kidlash joizki, bu kabi sayyor qabullar ta’lim muassasalari faoliyatidagi muammolarni barvaqt aniqlash, aholi va pedagoglar bilan samarali muloqot o‘rnatish, joylardagi ehtiyojlarni o‘rganish hamda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.



Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ijobiy hal etishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.

 

08-08-2026
Ijtimoiy tarmoqlarga ulashish