Yangi o‘quv yiliga ustuvor vazifalar belgilandi
Chop etish
15:06 / 24.08.2026
Toshkent viloyatida maktab ta’limi sohasining o‘tgan o‘quv yili yakunlari sarhisob qilinib, 2026–2027 o‘quv yilida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Nurafshon shahrida o‘tkazilgan tantanali tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, viloyat kasaba uyushmasi raisi Sayyora Fayziyeva, soha fidoyilari, tajribali ustozlar hamda hamkor tashkilotlar mas’ullari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’lim tizimida erishilayotgan natijalarga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, so‘nggi o‘n yilda viloyat ta’lim sohasiga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar 6,2 barobar oshib, 31,5 trillion so‘mni tashkil etgan. Buning natijasida yangi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari barpo etildi, o‘quv o‘rinlari ko‘paydi, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.
O‘tgan o‘quv yilida 37 ming 382 nafar o‘quvchi 11-sinfni tamomladi. Ularning 811 nafari oltin, 175 nafari kumush medal sohibi bo‘ldi. E’tiborlisi, 1 ming 789 nafar bitiruvchi muddatidan oldin talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi.

– O‘z navbatida Toshkent viloyati yoshlarining nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari ham yil sayin ortib bormoqda, – deydi Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burhonov. – O‘tgan yili TOP-100talikka kiruvchi xorijiy universitetlarga 9 nafar Prezident maktabi bitiruvchisi qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilda mazkur marrani 13 nafar umumta’lim maktabi o‘quvchisi ham zabt etdi. Jumladan, Qibray tumanidagi 6-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Ergashev A’louddin muddatidan oldin Angliyaning TOP-100 talikdagi beshta nufuzli universiteti — Nottingem, Manchester, Birmingem, Sheffild va York universitetlariga talaba bo‘ldi.
O‘quvchilarning fan, sport va turli tanlovlardagi natijalari ham tahsinga sazovor. “Turon yo‘lbarslari” ko‘rik-tanlovida Zangiota tumani ixtisoslashtirilgan maktabi respublikada birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” tanlovida O‘rta Chirchiq tumanidagi 72-maktab ikkinchi, “Vatanparvarlar” musobaqasining respublika bosqichida Angren shahridagi 28-maktab uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Sportda ham viloyat yoshlari yuqori natijalarni qayd etmoqda. Jumladan, Yangiyo‘l tumanidagi 1-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Nafe Ablyazov taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionatida oltin medal sohibi bo‘ldi. Qibray tumanidagi 1-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Murodov Amirxon esa O‘zbekiston U-17 terma jamoasi safida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Yosh futbolchi Prezident sovg‘asi — avtomobil bilan taqdirlandi.

Yangi o‘quv yili oldidan sohadagi ustuvor vazifalar ham atroflicha muhokama qilindi. Bu borada yaqinda o‘tkazilgan V “Ustozlar milliy forumi” muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi. Unda tajriba almashish, mavjud muammolarni ochiq muhokama qilish va ta’lim tizimidagi yangi imkoniyatlarni belgilashga alohida e’tibor qaratildi. Forumning mantiqiy davomi sifatida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda esa sohadagi mavjud muammolar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi.
Xususan, ayrim hududlarda maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish, oliy ma’lumotli tarbiyachilar ulushini ko‘paytirish, pedagoglar malakasini yuksaltirish, mavjud 87 ta bo‘sh o‘qituvchilik o‘rniga munosib kadrlarni jalb etish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Shu bilan birga, yangi o‘quv yilida “qizil” toifaga kiritilgan maktablarga metodik yordam ko‘rsatish, yana 73 ta maktabni yangi baholash tizimiga o‘tkazish, ularni zamonaviy kompyuter texnikasi, yuqori tezlikdagi internet va elektron doskalar bilan ta’minlash ham ustuvor yo‘nalishlardan bo‘ladi.

Shuningdek, 10 ta hududda ilg‘or xorijiy tajriba asosida “ART” o‘quv dasturini joriy etish, o‘qituvchilarning xorijda malaka oshirishini davom ettirish, maktablarda kitobxonlik muhitini yanada yaxshilash, sanitariya holati va ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlarni yuksaltirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Ta’lim tizimidagi yutuqlar e’tirof etilar ekan, unda samarali mehnat qilayotgan ustozlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning mehnatini munosib baholashga ham alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda ta’lim sohasida ko‘p yillik samarali mehnati, fidoyiligi va tashabbuskorligi bilan alohida e’tirofga sazovor bo‘lgan bir guruh ustozlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining munosib mukofotlari bilan taqdirlandi. Ta’lim sohasi rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi, ustozlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish va soha taraqqiyotiga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori uchun Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev — “Xalq ta’limi fidoyisi”, viloyat kasaba uyushmasi raisi Sayyora Fayziyeva hamda Bo‘stonliq tumani hokimi — “Ta’lim homiysi” mukofotlari bilan taqdirlandi. Mukofotlarni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova topshirdi.
Bugun ta’lim sohasida erishilayotgan har bir natija ortida yangi imkoniyat, fidoyi ustoz va izlanuvchan o‘quvchi mehnati mujassam. Yangi o‘quv yilida esa bu natijalarni yanada yuksaltirish, ta’lim sifatini oshirish va har bir bola uchun munosib sharoit yaratish asosiy maqsad sifatida belgilanmoqda. Zero, ta’limda barpo etilgan har bir yangi bino, yaratilgan har bir imkoniyatning haqiqiy qiymati unda tahsil olayotgan bolaning bilimi, tarbiyasi va kelajagida namoyon bo‘ladi.
