UCH AVLOD: BIR DAVRA, BIR QADRIYAT, BIR MAQSAD

 

Ba’zan bir davrada aytilgan birgina hayotiy gap o‘nlab kitobdan ko‘ra ko‘proq saboq beradi. Chunki unda yillar sinovidan o‘tgan tajriba, xotira va hayot haqiqati mujassam bo‘ladi.

 Nurafshon shahridagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan «Uch avlod uchrashuvi» ana shunday samimiy va mazmunli muloqot maydoniga aylandi. Uchrashuvda «Nuroniy» jamg‘armasi Nurafshon shahar bo‘limi raisi Jo‘ra Amedkulov, I darajali «Mehnat faxriysi» Abdurasulxoji Bozorboyev, «Keksalar maslahati» hamda «Buvijonlar maktabi» guruhlari rahbarlari, mahalla faollari, pedagoglar va o‘quvchilar bir davrada jam bo‘ldi.

 

Nuroniylar yoshlar bilan hayot yo‘li, mehnatning qadri, odob-axloq, insonga hurmat, Vatanga sadoqat va oilaviy qadriyatlar haqida dildan suhbatlashdilar. Ularning har bir xotirasida tarix, har bir nasihatida esa yosh avlod uchun ibrat bor edi.

 Bu uchrashuvda uch avlod emas, uch zamon uchrashdi: kecha o‘z tajribasini so‘zladi, bugun uni tingladi, erta esa undan xulosa oldi.

 Zero, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy rishta mustahkam bo‘lgan jamiyatda qadriyatlar yo‘qolmaydi, xotira uzilmaydi va kelajak o‘z ildizidan kuch oladi.

 

16-09-2026
Ijtimoiy tarmoqlarga ulashish